TALABA QIZLARNI QANDAY MUAMMOLAR QIYNAYAPTI?

Talabalik davrida inson qalbi qaynoq, orzularga to‘la bo‘ladi. Bu davrda unda ko‘p ishlarni bajarishga qodir shijoat bilan birga, hayotiy tajribasizlik ro‘baro‘ bo‘ladi. Shu bois talaba hamisha oqil yo‘lboshchi, maslahatchiga muhtoj. Ayniqsa, uyidan, ota-onasidan olis hududda tahsil olayotgan qizlar uchun nazorat va ko‘mak juda ham zarur.

Guliston davlat universitetida tahsil olayotgan talaba qizlarning yashash va o‘qish shart-sharoitlari bilan tanishish maqsadida  Sirdaryo viloyati adliya boshqarmasi, Guliston shahar xotin-qizlar qo‘mitasi hamda “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazining shahar bo‘limi vakillari ta’lim muassasasi yotoqxonasida bo‘lishdi.

Mazkur universitetda ikki ming nafardan oshiq talaba tahsil oladi. Universitet yotoqxonasida 576 nafar viloyatning turli hududlaridan hamda respublikaning turli viloyatlaridan kelib o‘qiyotgan qizlar yashaydi.

Yotoqxonada qizlar va mutaxassislar o‘rtasida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Qizg‘in munozaralarda qizlar o‘z orzu-maqsadlari, duch kelayotgan  muammolarini o‘rtaga tashlab, bu borada kerakli maslahatlar oldilar.

Qizlarning intiluvchanligi, bilimga chanqoq, kelajakka ishonch bilan boqishlari mehmonlarga manzur bo‘ldi.

Viloyat adliya boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Z.Haydarova qizlarning huquqiy mavzudagi savollariga javob berish barobarida ularga doimiy huquqiy yordam beruvchi axborot-resurs manbalaridan foydalanishni o‘rgatdi.

— Huquqi va burchini  bilgan, qonunlarni hurmat qilgan inson hayotda katta muvaffaqiyatlarga erishadi. Ayniqsa, xotin-qizlarning jamiyatdagi mavqeini oshirishda, ularning mustahkam oilaning munosib bekasi bo‘lishi bilan birga, jamiyatda ham o‘zining sevimli kasbi, mashg‘ulotlari bilan shug‘ullanib, oila byudjeti va farzandlar kamoliga hissa qo‘shishlarida huquqiy savodxonlik juda ham muhim, — deydi Z.Haydarova.  

Guliston shahar hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Nargiza Tojiboeva qizlar bilan oila, milliy an’analarimiz, qizlik va kelinlik fazilatlari haqida suhbatlashdi. 

Shuningdek, "Oila" markazining Guliston shahar bo‘limi rahbari A.Payzieva  qizlarni oilaviy hayotga tayyorlash, erta nikohning salbiy oqibatlari haqida atroflicha tushuntirib berdi.