Kelgusida maktab psixologlari ham seminarlarga jalb etiladi

“Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazining konseptual maqsadlarini amalga oshirish masalalari” mavzusida markazning tuman (shahar) bo‘lim mutaxassislari malakasini oshirish o‘quv seminarlari o‘z ishini yakunlaydi.

Seminarlarda tinglovchilarga qay darajada yangi bilimlar berilgani va kelgusida bu yo‘nalishda markaz tomonidan rejalashtirilgan ishlar haqida “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi bosh mutaxassisi Mohira Xalikova shunday deydi:  

— Ta’lim uzluksiz jarayon. Bunda o‘rganish, fikrlash, tafakkurni kengaytirish kabi bosqichlar o‘rin egallaydi. Markazimizda o‘quv seminarlar Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 26-martdagi “Oila institutini mustahkamlash sohasida kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha maxsus o‘quv kurslari tashkil etish to‘g‘risida”gi Qarori asosida tashkil qilinyapti. O‘quv seminarlar markazning 14 ta hududiy boshqarmalarida ham faoliyat olib boryapti. Unda Xotin-qizlar qo‘mitasi, Oila markazi, FHDYO organlari va oilalar bilan bevosita ish olib boruvchi boshqa mutaxassislar kasbiy bilim, ko‘nikma va malakasini oshirishmoqda. “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazining konseptual maqsadlarini amalga oshirish masalalari” mavzusidagi seminar uch bosqichda tashkil etildi. Birinchi bosqichda markazning viloyat boshqarmasi boshliqlari, ikkinchi bosqichda viloyat boshqarmalari huzuridagi o‘quv kursi rahbarlari o‘qitildi. Uchinchi bosqichda tuman (shahar) bo‘limlaridan 200 nafar rahbar mutaxassislar o‘qitilyapti. Xalqimiz azal-azaldan oilani qadriyat darajasiga ko‘tarib kelgan. Oilaning mustahkamligiga jiddiy e’tibor qaratilgan. Ammo hozirgi globallashgan zamonda shunday muammolar borki, ular har qanday jamiyatga o‘z ta’sirini ko‘rsatmay qo‘ymaydi. Jumladan, o‘zbek jamiyatida ham arzimas sabablar bilan oila farovonligiga putur yetishi kabi holatlar uchrayapti. Shu bois, mamlakatda oila institutini mustahkamlashga xizmat qiluvchi ko‘plab mutaxassislarni yetishtirish va ular yordamida ajralishlar, yetim bolalar sonini kamaytirishga erishish bugungi kunning dolzarb vazifasiga aylanib qoldi. “Oila” markazi ana shunday kadrlarni shakllantirish maqsadida ko‘plab loyihalarni amalga oshirishni maqsad qilgan. Aytaylik, kelgusida oila psixologi, patronaj xizmati xodimlari, profilaktika inspektorlari, yarashtiruv komissiya raislarining ham malakasini oshirish rejalashtirilgan.  Bu tizimlarda ham malaka oshirish kurslari mavjud, ammo ularda oila masalalariga ko‘p urg‘u berilmagan, bundan kelib chiqib markazimizda ushbu tizim xodimlarini ham o‘qitish ko‘zda tutilgan. Maktab insonni tarbiyalovchi oiladan keyingi, ikkinchi o‘rinda turadigan dargoh. Shu sabab, unda kechayotgan ta’lim-tarbiya jarayoni eng muhim bosqich sanaladi. Ayniqsa, o‘quvchilarni ruhiy-ahloqiy jihatdan nazorat qilish, ularga murakkab jarayonlardan chiqib ketishda amaliy ko‘mak berish maktab psixologining vazifasiga kiradi. Bunda ular o‘quvchining oiladagi muhiti, do‘stlari, ota-onasi, o‘qituvchilari bilan munosabatida yuz berayotgan muammolari bilan ishlashiga to‘g‘ri keladi. Demak, oila masalasida maktab psixologlarining ham katta o‘rni bor. Kelgusida ular bilan ham hamkorlikni yo‘lga qo‘yib, ularga metodik yordam berish va bu orqali yoshlarni oilaviy hayotga quyi tizimdan boshlab tayyorlashga erishishni maqsad qilganmiz.

Seminarning uchinchi bosqichi ertaga nihoyasiga yetadi. Mutaxassislar 48 soatlik o‘quvlar davomida faoliyatlarida asqotuvchi ko‘plab yangi bilimlarga ega bo‘lishdi. Seminar so‘ngida tinglovchilarga sertifikatlar topshiriladi.