OILA QASRI ASLO BUZILMASIN!

Oila – har bir insonni kamolga etkazadigan tabarruk dargoh. Hayotimiz mazmuni, ertangi kundan umidimiz oila bilan. Demak, farzandlarimiz mana shu muqaddas dargohda o'sib-ulg'ayishi, ilm cho'qqilarini egallashi, har tomonlama etuk insonlar etib tarbiyalanishi lozim. Qayd etish lozimki, “Oila” markazi qoshida 2019 yil yakuni bo'yicha yoshlarga mustahkam oila qurishga qo'maklashish maqsadida respublikaning viloyat, tuman va shaharlarida 149 ta “Bo'lg'usi kelin-kuyovlar innovatsion maktabi” faoliyat ko'rsatmoqda. Ularning faoliyatiga 400dan ziyod mutaxasis, ekspertlar jalb etilgan. Shunday maktablardan biri 2018 yilda Xorazm viloyatining Urganch shahrida ish boshlagandi. 2019 yil davomida esa, bunday maktablar viloyatning barcha tuman va shaharlarida faoliyat boshladi. Bugungi kunda “Bo'lg'usi kelin-kuyovlar innovatsion maktabi”ga jalb qilingan yosh kelin-kuyovlarning mashg'ulotlarda katta ishtiyoq bilan ishtirok etishlari kun sayin ortib bormoqda.

“Bo'lg'usi kelin-kuyovlar innovatsion maktabi”ga nikohdan o'tish uchun ariza beruvchi yoshlar jalb etilib, ularning oilaviy hayot psixologiyasi, diniy va axloqiy tarbiya, oilaviy-huquqiy munosabatlar, reproduktiv salomatlik, oila byudjeti va iqtisodi, oilalar mustahkamligini ta'minlashda mahallaning o'rni kabi yo'nalishlar bo'yicha bilim berilmoqda. Bugunga qadar viloyat bo'yicha maktablarda 3180 nafar yoshlar oilaviy bilim va ko'nikmalar bo'yicha ta'lim oldi. Innovatsion maktabda ta'lim olgan yoshlar o'rtasida oilaviy nizolar va ajrimlar qayd qilinmadi, shuningdek o'qish davrida bir-biriga mos emasliklari holatlari ham kuzatilmadi.

Yaqinda “Oila” markazining Xorazm viloyat boshqarmasi tomonidan mazkur maktablar tinglovchilari o'rtasida ijtimoiy so'rov o'tkazilib, unda yoshlarning innovatsion maktab haqidagi fikr-mulohazalari o'rganildi. So'rovda ishtirok etgan 21 foiz yigit va 27 foiz qiz “Bo'lg'usi kelin-kuyovlar innovatsion maktabi”ga kelishidan oldin ota-onalari va jamoat tashkilotlari tomonidan oilaviy hayot haqidagi saboqlarga ega bo'lgani, ishtirokchilarning asosiy qismi – 79 foiz yigit va 73 foiz qizlar esa, oila qurish borasidagi mustahkam va ilmiy bilimlarni aynan shu maktablarda olayotganini ma'lum qildi. Ijtimoiy so'rovda ishtirok etgan 100 foiz yigit-qizlar oilaviy hayotga tayyorlashga mo'ljallangan o'quv kursi foydali bo'lganini bildirib, uning dars soatlarini ko'paytirish bo'yicha o'z takliflarini ham bildirgan.

“Bo'lg'usi kelin-kuyovlar innovatsion maktabi” tinglovchilarning ijtimoiy so'rov savollariga javobidan ma'lum bo'ladiki, nikohlanuvchi yoshlarning oiladagi nizoli holatlarni hal etishning huquqiy va psixologik asoslari, zamonaviy oilalar bajaradigan funktsiyalar, reproduktiv salomatlik, tarbiyaviy, diniy-axloqiy, boshqaruv va iqtisodiy bilim darajasini oshirish bo'yicha bilim berilgani ajrimlar va oilaviy nizolarning oldini olishga xizmat qiladi. Muhtaram Prezidentimiz “Ayolga bo'lgan hurmat-e'tibor – bu avvalo oilaga, jamiyat kelajagiga bo'lgan hurmat-e'tibor ifodasidir”, deya alohida ta'kidlab o'tgan edilar. Ushbu nuqtai nazardan qaraganda, viloyatning Yangibozor, Yangiariq, Urganch tumanlarida tuman hokimlari ham “Bo'lg'usi kelin-kuyovlar innovatsion maktabi”da shaxsan ishtirok etib, dars mashg'ulotlari o'tdilar. Zero, oilani sajdagoh hisoblab, unga pok niyat bilan qadam qo'yib, ikki qalb bir-birini asrab-avaylab yashayotgan mustahkam oilalarga farishtalar ham osmondan havas bilan boqishar ekan, deb allomalar bejiz aytishmagan.

Xorazm viloyati hokimi F.Ermonov Urganch tumanidagi “Bo'lg'usi kelin-kuyovlar innovatsion maktabi” bitiruvchilariga Sertifikat topshirmoqda.

 “Oila” markazi matbuot xizmati