TO‘Y VA OILAVIY TANTANALAR GO‘ZAL VA IXChAM O‘TSIN!

“Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazining hududiy boshqarmalari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy majlisi qonunchilik palatasi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy majlisi Senatining “To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risidagi” qo‘shma qarori ijrosiga oid bir qator ishlar amalga oshirilib kelmoqda.

Jumladan, “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi vakillari respublikaning barcha hududlarida tashkil etilgan komissiyalar tarkibida to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarni ixcham, isrofgarchiliksiz va belgilangan talablar asosida o‘tkazish bo‘yicha aholi o‘rtasida targ‘ibot ishlarini olib bormoqda.

Masalan, “Oila” markazining Toshkent shahri tuman bo‘limlari tomonidan 514 mahallalardagi komissiya a’zosi sifatida to‘yxonalarga biriktirilib, to‘y va boshqa marosimlarni o‘ziga xos, bir-biridan go‘zal, ixcham va tartbli o‘tkazilishini nazorati olib borilmoqda.

Toshkent shahri bo‘yicha to‘y qilishni rejalashtirgan 115 ta oilaning xonadon sohiblari, 230 juft kelin-kuyovlar bilan to‘ylarni ixcham, ortiqcha isrofgarchiliksiz o‘tkazish yuzasidan yakka tartibda suhbatlar o‘tkazildi.

Toshkent shahar mahallalar kengashi bilan hamkorlikda “Fayzli to‘y” loyihasi tashkil etilib, shu kunga qadar 115 ta to‘y marosimi Nizomdan chetga chiqmagan holda o‘tkazildi, hattoki to‘y va osh marosimlarini restoran, to‘yxona yoki kafelarda emas, balki uyda o‘tkazilishiga erishildi. Aholi o‘rtasida mazkur holatga doimiy ko‘nikma hosil qilish maqsadida aholi o‘rtasida, ayniqsa to‘y o‘tkazishni rejalashtirgan xonadon sohiblari va kelin-kuyovlar o‘rtasida targ‘ibot ishlari davom etmoqda.

Qayd etish lozimki, “Oila” markazi tomonidan 2019 yil noyabr-dekabr oylarida Toshkent shahri aholisi o‘rtasida “To‘ydagi dabdababozliklarning oilaviy ajrimlarga ta’siri” mavzusida sotsiologik so‘rov o‘tkazilgan. So‘rovnomada 188 nafar respondent ishtirok etdi. Respondentlarning 115 nafari ayollar (61,2%), 73 nafari (38,8%) erkaklarni tashkil etdi.

Sotsiologik so‘rovda ishtirok etgan aksariyat respondentlar keraksiz sarpo-suruqlar, kim o‘zarga behisob tog‘aralar yuborish, xullas yillar dvomida yemay-ichmay, yig‘ib-terganini bir kunda ko‘kka sovurish oqibatda oilaning iqtisodiy ahvoliga, farovonligiga salbiy ta’sir qilayotganini, qolaversa, quda-andalar o‘rtasida uyatli nizolar kelib chiqishi va ajrashishlarga sabab bo‘lyotganini kuyinchaklik bilan qayd etishgan.

Respodentlar dabdabali to‘y, sanog‘i yo‘q sarpolar hech qachon baxtga kafolat bo‘lmagan. Lekin farzandni komil inson etib, benazir ilm-hunar sohibini tarbiyalagan ota-ona hamisha el duosini olgan, deya ta’kidlab o‘tgan.

“Oila” markazi matbuot xizmati