Turmush qurayotgan yoshlar hayotga tayyormi?

“Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazining oila institutini mustahkamlash sohasidagi kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha kurslari davom etmoqda. O‘tgan seminar-treninglarda markazning viloyat boshqarma boshliqlari uchun o‘quvlar tashkil etilgan bo‘lsa, navbatdagi mashg‘ulotlarda tuman va shahar bo‘lim rahbarlari malaka oshirmoqda.

Respublikamizning barcha tuman va shaharlaridan tashrif buyurgan tinglovchilar bir hafta davom etadigan mashg‘ulotlarda “Tibbiy madaniyat asoslari”, “Patronaj xizmati”, “Superviziya”, “Demografiyaning asosiy tushunchalari” kabi ish jarayonida zarur bo‘lgan mavzularni o‘rganishmoqda.

— O‘tgan yili hududimizda 158 ta ajrim sodir bo‘lgan, — deydi “Oila” markazining Namangan tumani bo‘limi boshlig‘i Ilxomjon Karimov. — Biz mazkur ajrimlarga sabab bo‘layotgan omillarni o‘rganish maqsadida ajrashayotgan oilalar o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazdik. Ma’lum bo‘lishicha, ajrimlarga ko‘proq yoshlarning oilaviy hayotga tayyor emasligi sabab bo‘layotgan ekan. Bugungi kunda markaz faoliyati doirasida hududlarda yarashtirish komissiyalari tashkil etilgan. To‘g‘ri, buning natijasida ko‘plab oilalar saqlab qolindi. Ammo, ajrashish yoqasida turgan oilani saqlab qolishdan ko‘ra, yoshlarni hayotga tayyorlash va shu yo‘l bilan mustahkam oilalarni barpo etish oson va samaralidir. Shu maqsadda hududlarda tashkil etilayotgan “Bo'lg'usi kelin-kuyov innovatsion maktab”laridan umidimiz katta. Xalqimiz to‘ylarga ishqiboz. Tezroq farzandining turmush qurishi, farzandli bo‘lishini istaydi. Ayniqsa, Namangan viloyati yosh turmush qurish borasida doimo ilgari yuradi. Ammo, farzand balog‘atga yetgan bo‘lsa-da unda oila qurish, er yoki xotin vazifalarini to‘laqonli anglab yetish, ota-ona bo‘lish mas’uliyati shakllanib ulgurgani bilan qiziqishmaydi. “Oila qursa, quyiladi” degan xalq orasida tavakkaliga aytiladigan iboralar har doim ham oilaning bardavomligini ta’minlab berolmaydi. Oilaning mustahkamligi faqat hayotiy bilim va ko‘nikma, mas’uliyat hissi, mehr-muhabbat bilan tiklanadi. Mana shu ko‘nikmalarni yoshlarga singdirganimizga ishonch hosil qilganimizdan so‘nggina biz kattalar ularga turmush qurish maslahatini berishimiz kerak. Buning uchun “Oila” markazi nafaqat yoshlar bilan, balki ularning ota-onasi bo‘lmish katta avlod bilan ham tushuntirish-targ‘ibot ishlarini samarali olib borishi lozim.  

Seminarda aholi bilan yaqindan ishlash, oila masalasidagi muammolarni, nizoli vaziyatlarni tinch yo‘l bilan hal qilish kabi muhim jarayonlarda qanday yo‘l tutmoq kerakligi o‘rganilyapti. Shuningdek, mutaxassislar o‘z hududlaridagi aholi xususiyatlari, muammolarini o‘rtaga tashlagan holda, o‘zaro fikr va tajriba almashish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.