“OILA” ILMIY-AMALIY TADQIQOT MARKAZINING SIRDARYO VILOYATI FAOLIYATI MUHOKAMA QILINDI

O‘zbekiston Ruspublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi rahbari, senator Dilorom Toshmuxamedova 2019-yil 8-aprel kuni Sirdaryo viloyatiga tashrif buyurib, “Oila” markazining viloyat boshqarmasi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lami bilan tanishdi.

Dastlab Sirdaryo viloyati boshqarmasi xodimlari, tuman, shahar rahbarlari va mutaxassislari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 2-fevraldagi “Xotin-qizlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosini ta’minlash borasida  amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar muhokama qilindi. Yig‘ilishda so‘z olgan barcha tuman va shahar bo‘lim rahbarlari oilaviy va ijtimoiy muammolar borasida o‘z hududlaridagi mavjud vaziyat, yutuq va kamchiliklar haqida ma’lumot berdilar.

So‘nggi vaqtlarda “Oila” markazining ijtimoiy ko‘makka muhtoj aholi qatlami va ajrim yoqasidagi oilalar bilan yaqindan munosabat o‘rnatishi natijasida ko‘plab muammolarning tub mohiyati aniqlanib, ularga amaliy choralar ko‘rilyapti. Mana shu jarayonda bevosita faoliyat yuritayotgan, oila institutini mustahkamlash sohasidagi kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishga ham katta urg‘u berilyapti. Zero mazkur mutaxassislar muammoli vaziyatlarning oldini olish, aholiga psixologik va huquqiy jihatdan oqilona maslahatlar bilan to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatishning uddasidan chiqa olishlari talab etiladi. Shu bois yig‘ilishda “Oila” markazi tomonidan tuman (shahar) rahbarlari uchun tashkil etilgan o‘quv kurslarida olingan bilim va ko‘nikmalarni ish faoliyatiga tadbiq etish qanchalik natija berayotganligi ham tahlil qilindi.

So‘nggi vaqtda joylarda  tashkil etilgan “Bo‘lg‘usi kelin-kuyovlar innovatsion maktabi” va tibbiyot muassasalari qoshidagi  “Ayollar maslahatxonasi” faoliyati  vositasida mustahkam va sog‘lom oilalarning vujudga kelishiga zamin hozirlanyapti. O‘smir yoshidagi qizlarni sog‘lom turmush tarziga tayyorlash, ularga jismoniy o‘zgarishlar borasida tushuncha berishda Ayollar maslahatxonalarining o‘rni katta. “Bulg‘usi kelin-kuyovlar innovatsion maktabi” esa turmush qurish ostonasida turgan yigit-qizlarga oila mas’uliyati, er va xotinlik, qarindoshlik munosabatlarini singdirishga xizmat qilmoqda. Yig‘ilishda Dilorom Toshmuxamedova mazkur maktab faoliyatini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, nikohdan o‘tish uchun FHDYOga ariza bergan har bir juftlikni maktabga jalb etish, ularning davomatini ta’minlash, dars mashg‘ulotlarini qiziqarli, yangi innovatsion uslubda o‘tishga erishish, mashg‘ulotlarga tajribali mutaxassislarni jalb etish, ma’ruzalarning mazmun jihatdan samarali bo‘lishini nazorat qilib borish to‘g‘risida tushuntirib o‘tdi.

Kelgusida Ayollar maslahatxonalari faoliyatini yanada takomillashtirib, o‘smir qizlarning tibbiy savodxonligini oshirish maqsadida  tajribali shifokor, psixologlarni jalb qilish, ular bilan suhbatlar o‘tkazish rejalashtirilyapti.

Yig‘ilish yakunida har bir hudud rahbari o‘ziga tegishli bo‘lgan vazifalarni belgilab oldi.

Shundan so‘ng, Dilorom Toshmuxamedova “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazining Sirdaryo viloyati boshqarmasiga ajratilgan binoning ta’mirlash ishlari bilan tanishdi.