TO‘G‘RI SAYLANGAN NOMZOD MAHALLA OBODLIGINI TA’MINLAYDI

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi rahbari, senator Dilorom Toshmuhammedova 8-aprel kuni Sirdaryo viloyatiga qilgan tashrifi chog‘ida Oliy Majlis senatorligi vakolati doirasida viloyat Kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasida selektor yig‘ilishi o‘tkazdi.  

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2019-yil 15-fevraldagi “Fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi Qarorida belgilangan vazifalar ijrosini  ta’minlash borasidagi jarayonlar muhokama qilindi.

Yurtimizda keyingi yillarda mahalla fuqarolar yig‘inlari faoliyatini takomillashtirish maqsadida qator chora-tadbirlar amalga oshirilyapti. Jumladan, Prezidentimizning 2019-yil 2-apreldagi “Aholi muammolari bilan ishlashda mahalla institutining mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonida ham qator ko‘rsatmalar belgilandi. Ayniqsa, fuqarolar yig‘inlari raislari va mas’ul kotiblarining oylik ish haqi fondini joriy yilda bosqichma-bosqich 1,5 baravarga oshirish borasidagi taklif tizimdagi islohotlarning sezilarli darajada ortishiga xizmat qilishi tayin. Zero, ushbu xodimlarning oylik ish haqi joriy yil 1 maydan 1,25 baravarga va 1 oktyabrdan 1,2 baravarga oshirilishi ulardagi ishchanlik kayfiyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Ayni paytda saylovni yuqori saviyada tashkil etish va o‘tkazish borasida joylarda keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashida saylovga oid ma’lumotlarni umumlashtirish va tahlil qilish, ommaviy axborot vositalari hamda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash bo‘yicha Respublika komissiyasining shtabi tuzildi.

Selektor yig‘ilishida saylovni tashkil etish jarayonlari tahlil qilinib, mavjud muammolarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.