XORIJLIK MEHMONLAR “OILA” MARKAZI FAOLIYATINI E’TIROF ETISHDI

Surxondaryo viloyatida bo‘lib o‘tayotgan Xalqaro baxshichilik san’ati festivali ishtirokchilari “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazining Surxondaryo viloyati boshqarmasiga ham tashrif buyurishdi. “Oila” markazi boshqarmasida tashkil etilgan “Jahon sivilizatsiyasida baxshichilik san’atining o‘rni” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya mehmonlarda O‘zbekiston san’ati va madaniyati borasida iliq taassurotlar uyg‘otishga xizmat qilmoqda.

Anjumanda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi To‘ra Mirzaev, Egey universiteti Turk dunyosi tadqiqotlari instituti professori Fikret Turkmen moderatorlik qilishmoqdi. Konferensiyada “Baxshilarning estetik qarashlari”, “Mongol xalqlari madaniy merosi”, “Mo‘g‘ul va o‘zbek tillaridagi eposlarning terminologik tomonlari”, “Nomoddiy madaniy meros muhofazasi bo‘yicha konvensiya ro‘yxatlari” kabi mavzularda turli millat olimlarining ma’ruzalari tinglandi. Ayniqcha, o‘zbek baxshisi va qozoq oqinining aytishuvi xorijlik mehmonlarning hayratini oshirdi. Konferensiya davom etmoqda.

Mehmonlar tashrif davomida “Oila” markazining yurtimiz oilalari mustahkamligi, ayollarning jamiyatdagi mavqeini oshirish, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamiga yordam berish borasida amalga oshirayotgan ishlari bilan yaqindan tanishishdi.

Janubiy Koreya Respublikasining Dongduk ayollar universiteti professori Seong Yong Pak markaz faoliyatiga yaqindan qiziqish bildirib, amalga oshirilayotgan ishlarni alohida e’tirof etdi va o‘z takliflarini bildirdi.