Nikoh yoshi masalalari: Oila kodeksiga o’zgartirishlar kerakmi?

UNICEFning O’zbekistondagi vakolatxonasi “Oila” markazi bilan hamkorlikda nikoh yoshi masalalari yuzasidan aholi o’rtasida tadqiqot o’tqazishdi. Ushbu so’rovnoma oila haqidagi qonunchilikka o’zgartisihlar va takliflarni ishlab chiqish uchun ishlatiladi. So’rovda respublika bo’yicha 1800 dan ortiq respondentlar ishtirok etishdi.

 To’y – yoshlar hayotidagi eng ajoyib hodisalardan biri hisoblanadi. Yoshlar kelgusidagi hayotini ham ana shunday chiroyli davom ettirishga tayyormikinlar? O’zbekistonning amaldagi qonunchiligiga ko’ra, nikoh yoshi erkaklar uchun 18 yosh va ayollar uchun 17 yosh etib belgilangan. Odatda yoshlarning to’ydan so’ng turmushini olib borishda, ularning moliyaviy barqarorligi to’g’risida, oila uchun mas’uliyatni olishda psixologik va ijtimoiy tayyorgarligi bo’yicha ko’plab savollar tug’iladi.

Uzrli sabablar bo’lganida, alohida hollarda (homiladorlik, bola tug’ilishi, voyaga yetmagan shaxsning to’la muomalaga layoqatli deb e’lon qilinishi (emansipatsiya), nikohga kirishni xohlovchilarning iltimosiga ko’ra nikoh davlat ro’yxatidan o’tkaziladigan joydagi tuman, shahar hokimi nikoh yoshini ko’pi bilan bir yilga kamaytirishi ham mumkin.

O'zbekiston Xotin-qizlar qo'mitasi ma'lumotlariga ko'ra O’zbekistonda 7 million oila bor. Yoshlar asosan maishiy xarakterdagi janjallar va moliyaviy muammolar tufayli ajrashishadi. Xotin-qizlar qo'mitasi vakilining so'zlariga ko'ra, nikoh yoshini o'zgartirish ko'plab ajralishlarning oldini olishga yordam beradi.

Demak, 17-18 yoshda yoshlar turmushga chiqishga tayyormi? Biz U-Reportyotlarimizga shu savolni berdik.

 

So’rovda respublika bo’yicha 1800 dan ortiq respondentlar ishtirok etishdi. Respondentlarning deyarli teng yarmi (55%) oila qurmaganligi ma’lum bo’ldi, ulardan 34% ayollar va 66% erkaklar. 40% respondentlar oilali ekanliklarini aytib o’tishdi, 4% ishtirokchilar ajrashgan. 1%dan oilali, lekin birga yashamaydiganlar va FHDYo hujjatisiz  yashaydiganlar ham so’rovda ishtirok etishdi.

“Yoshlar 17-18 yoshlarida turmush qurishga tayyormi?”, deb so’raganimizda, 75% ishtirokchilar - ikkisi ham (ayol va erkak) tayyor emas,- deb ta’kidlashdi. 8% ishtirokchilar faqat ayol yoki erkak tayyor bo’lishi mumkin, deb hisoblashadi. Taxminan teng miqdordagi ishtirokchilar javob berishga qiynalishdi (8%), 9% respondentlar esa ikkisi ham turmush qurishga tayyor, deb hisoblashadi.

“Oila kodeksida QIZLAR uchun ENG KICHIK nikoh yoshini nechi yosh qilib belgilash zarur?” degan savolga quyidagi javoblar olindi:

  1. 20 yosh – 31%
  2. 21 yosh – 18%
  3. 18 yosh – 17%
  4. 19 yosh – 17%
  5. 17 yoshni qoldirish – 11%
  6. Boshqa – 6%

O’zlarining variantlarini tanlagan 6% respondentlar quyidagi javobni berdilar: 85% respondentlar 22-25 yoshni ko’rsatishdi va qolgan 15% ishtirokchilar turmushga chiqish yoshi 21 yoshgacha bo’lish kerakligini ta’kidlashdi.

“YIGITLAR uchun Oila kodeksida ENG KICHIK nikoh yoshi qanday bo’lishi kerak”, degan savolga quyidagi javoblar olindi:

  1. 21 yosh – 33%
  2. Boshqa – 29%
  3. 20 yosh – 17%
  4. 18 yoshni qoldirish – 14%
  5. 19 yosh – 5%
  6. 17 yosh – 2%

“Boshqa” javobini belgilan respondentlarning (29%) 86% eng kichik nikoh yoshi 22 va 25 yoshlar orasida bo’lishi kerakligini ta’kidlashdi. Qolgan ishtirokchilar 25 yoshdan yuqori yoshni belgilab, yigitlar qancha kech uylansa shuncha yaxshi ekanini aytib o’tishdi.

Qariyb 80% respondentlar nikoh yoshini oshirish oila qurish jarayoniga ijobiy ta’sir ko’rsatadi deb hisoblashadi. 5% respondentlar “salbiy” variantini tanlab bu fikrga qo’shilmadilar. 7% ishtirokchilar yosh oila qurish jarayoniga hech qanday ta’sir ko’rsatmaydi deb hisoblashadi. 8% respondentlar esa javob berishga qiynalishdi.

Biz U-Reportyorlardan nima uchun oila qurish jarayoniga nikoh yoshini oshirish “ijobiy” yoki “salbiy” ta’sir ko’rsatishini so’radik.

Nikoh yoshini oshirishni “ijobiy” baxolaganlar (80% respondentlar) quyidagi sabablarni ko’rsatdi:

  1. Hayotiy tajriba oshishi, ma’suliyatni his qilishi va hayotga ancha jiddiy qarashi – 29%.
  2. Mustaqil fikrga, dunyoqarashga ega bo’lishi – 19%.
  3. Jismoniy va ruhiy yetuklik, moliyaviy barqarorlikka erishishi – 16%.
  4. Ko’p hollarda, yoshlik davrida ishsiz yoki ma’lumotsiz bo’lishi – 14%.
  5. Ajrimlar sonining kamayishi – 7%.
  6. Boshqa sabablar – 37%.

Nikoh yoshini oshirish oila qurish jarayoniga “salbiy” ta’sir qiladi degan 5% ishtirokchilar esa quyidagi javoblarni berdilar:

  1. Yengil tabiat xulqli yoshlarning ko’payishi – 31%.
  2. O’zbek urf-odatlariga, qadriyatlariga to’g’ri kelmasligi – 19%.
  3. Yoshlar o’rtasida norasmiy nikohning ko’payishi – 12%.
  4. Boshqa sabablar – 17%.
  5. Noto’g’ri variantni belgiladim – 21%.

 

U-Reportyorlar fikri

“O’zlari hali bola bo’la turib erta turmush qurish, yoshlarning bir-birlari va ularning ota-onalari o’rtasida o’zaro ziddiyatlar bo’lishi mumkin. Farzandli bo’lgandan so’ng, ko’pchilik javobgarlikdan qo’rqishadi va ko’p xatolarga yo’l qo’yadilar”.

“O’ylashimcha, yosh oila turmush hayotga ancha tayyor va turmush qurish hamda farzandli bo’lishni yetuk ong bilan o’ylashlari kerak. Hozirgi yoshlar esa o’zgacha, qo’llarida farzandlari va yana qanchadan qancha ajirimlar, natijada bolalar xo’rlanadi, chunki ularning ota-onasi hali o’zlari boladir”.

“Oddiy sababga ko’ra, qizning qarindoshlari shoshilmasin, ikki tomon ham o’zlarining fikrlariga ega bo’lsin va o’zlarining hayotlarini qanday qurishlarini o’zlari hal qilsin, va ana shundan keyin qizlarda maktab yoki kollej bitirganida birgina “turmushga chiqib farzandli bo’lishim kerak” degan fikr bilan cheklanib qolmaydi.”

“Bilasizmi, qiz endigina 17 yosh. U hali yosh. U avval hayotni va jamiyatni o’rganishi kerak. O’zi hali go’dak bo’la turib o’zining farzandini qanday tarbiyalasin? 30yoshga kirganida hayoti davomida oila va farzand dog’idan boshqa hech narsani ko’rmaganidan afsuslanmaydimi?”

“Yigitlar 18 yoshda endi balog’at yoshiga yetgan bo’ladi. Ularning fikri shamoldek. O’ylashimcha, ular bu yoshda oila va farzandlari uchun mas’uliyatni his qila olishmaydi.”

“Nikoh yoshini oshirish orqali to’liq shakllanmagan, erta farzandli bo’lib qolgan (bilmasdan yoki ataylab, lekin bu ko’p narsani o’zgartirmaydi) oilalarning soni oshib ketadi. Yevropaning ko’plagan mamlakatlarida 15 yoshidan boshlab turmush qurish ruhsat berilgan. O’ylaymanki, nikoh yoshini oshirishsa, yanada ko’proq muammolarga duch kelishimiz mumkin. Taqiqlagandan ko’ra yoshlarga oila va turmush hayot to’g’risida to’g’ri ta’lim-tarbiya berish kerak.”

“To’y hayotning muhim qismi bo’lgani uchun 18 yosh oila qurish uchun erta. Yoshlarga o’zlarini bosvolishi uchun vaqt berish kerak. Chunki bu yoshda ko’pchilik his-tuyg’ularga boy bo’ladi.”

“Yoshlar bu mavzuda o’zlari hal qilishlari kerak deb hisoblayman: ular nafaqat jismoniy, balki ruhiy va psixologik tayyor bo’lishlari kerak. Yigitlar oilani o’zlari boqishlariga imkoniyatlari bo’lishi kerak, 18 yoshda bunday imkoniyat kimda bor? Qizlar jufti halol sifatida, farzand tarbiyasi borasida psixologik tomondan tayyor bo’lishlari kerak. Odamlar har xil, hamma uchun o’zining vaqti bor, lekin 18 yoshda oila qurish deyarli mumkin emas.”

“Chunki turmush qurish, farzand ko'rish, ularni tarbiyalash, juda katta yoshdagi hayotni boshlash deganidir, bu katta mas'uliyat. Shaxsan men kamida 22 yoshda oila qurmoqchiman, chunki tadqiqotchilarning ma’lumotiga ko’ra, farzandlarimiz bizdan ko'ra yaxshiroq bo'lishi uchun, biz o'zimiz yaxshi bo'lishimiz kerak. Men nikohdan oldin, bir yil davomida sport bilan qat’iy shug’ullanaman va reproduktiv savodxonlik haqida kitoblarni o'qiyman, chunki bolamning sog'lig'i va aqliy rivojlanishi unga bog'liq”.

“Chunki nikohdan oldin hamma chuqur o’yga botadi. Agar ba’zi ota-onalar ota-onalarga yoqqan qizga uylantirish yoki yigitga turmushga chiqish bo’lmaganda edi, hammasi yaxshi bo’lgan bo’lardi.”

“Yoshlar oliy ma’lumotli bo’lishi, kamida bir yillik ish tajribasiga ega bo’lishlari, kasb-hunar o’rganishlari uchun va oila qurib uning ta’minotini o’z bo’yniga olishi uchun vaqt kerak”.

Respondentlarning yarmidan ko’prog’i (51%) oila qurayotganda yosh qancha katta bo’lsa shuncha ajrashishlar kamayadi, deb hisoblashadi. 30% U-Reportyorlar bu borada shubhalanishdi. 9% ishtirokchilar bu mavzuda hech qanday aloqa yo’q ekanini va 10% ishtirokchilar esa bu savolga javobni bilmasliklarini aytib o’tishdi.

Shu o’rinda, so’rovda qatnashgan ishtirokchilarning yoshi ortgan sari, yoshi kattalar turmush qurganda ajirimlar kam bo’ladi deydiganlar soni oshib borish tendensiyasini ko’rdik.

Biz U-Reportyorlardan turmush qurish uchun ideal yosh nechiligini so’radik.

 

45% respondentlar uchun 24-25 yosh oila qurishda eng yaxshi yosh ekani aniqlandi (bunda ikki jins vakillari bir xil ovoz berishdi), 27% ishtirokchilar 21-23 yoshni belgilashdi, 17% ishtirokchilar oila qurishga eng yaxshi yosh deb 26-27 yoshni belgilashdi.

6% respondentlar 18-20 yoshni tanlashdi: ulardan 94% kishi 21 yoshdan kichik yoshlar ekani ma’lum bo’ldi. 4% ishtirokchilar 28-30 yoshni va 1% ishtirokchilar 30+ yoshni belgilashdi.

 

Respodnentlarning deyarli yarimi (52%) 21-23 yoshlarni qizlar oila qurishi uchun eng yaxshi yosh ekanini aytib o’tishdi, 34% respondentlar uchun 18-20 yosh eng yaxshi yosh deb belgilandi. Qolgan 14% respondentlar qizlar oila qurishi uchun eng yaxshi yosh deb 24 yoshdan katta yoshni belgiladilar: ya’ni 12% ishtirokchilar 24-25 yoshni, va 1%dan ishtirokchilar 26-27 hamda 28-30 yoshlarni belgilashdi.

Aytib o’tish mumkinki, 41% erkaklar oila qurishda 18-20 yosh qizlar uchun eng yaxshi yosh deb tanlagan bo’lsa, bu variantni ayollarning atigi 20% tanladi. Ayollarning o’zlari (bu 60% atrofida) qizlar uchun ideal nikoh yoshi 21-23 yosh deb tanlashdi.

 So’rov natijalari O'zbekistonda nikoh yoshini o’zgartirishda qonun hujjatlariga taklif va o’zgartirishlarni ishlab chiqish uchun ishlatiladi. So'rov natijalari haqida Sizni xabardor qilamiz.

 

Izoh: So’rov natijasida olingan ma’lumotlar UNICEF ning ushbu mavzuga munosabatini aks etmaydi, reprezentativ ma’lumot emas va so’rovda qatnashgan 1800 dan ortiq respondentlarning fikridir.