“Bolalar va yoshlarning ma’naviy-aхloqiy tarbiyasida oilaning roli” — хalqaro ilmiy-amaliy konferensiya.

Tashkilotchilar: O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi, Fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo’yicha Respublika kengashi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo’yicha qo’mita, Maktabgacha ta’lim vazirligi, Хalq ta’limi vazirligi.

O’zbekiston Respublikasi, 100017, Toshkent shahar, Sh.Rashidov ko’chasi, 16. Tel: (+998) 71-239-43-42.

Web-site: www.oilamarkazi.uz, E-mail: qabulhona@oilamarkazi.uz E-xat: oila23@exat.uz

Tadbir nomi: “Bolalar va yoshlarning ma’naviy-axloqiy tarbiyasida oilaning roli” — xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya.

O’tkazish joyi va sanasi: “City Palace Hotel Tashkent” mehmonxonasi, 2018 yil, 15 noyabr.

 

Хalqimiz azaldan oilada bola ta’lim-tarbiyasiga juda katta e’tibor bilan qarab kelgan. Binobarin, davlat va jamiyatning mustaqilligi va mustahkamligi bevosita mana shu masala bilan chambarchas bog’liq ekani isbot talab etmas haqiqat. Shuning uchun ham bolalar va yoshlarning tarbiyasi, ayniqsa, ularda yuksak ma’naviy-axloqiy omillarni shakllantirish barcha zamon va makonlarda jamiyatning eng muhim va ustuvor vazifalaridan biri hisoblangan.

Buyuk ma’rifatparvar ajdodimiz Abdulla Avloniy: “Bolaning salomati va saodati uchun yaxshi tarbiya qilmoq – tanini pok tutmoq, yosh vaqtidan maslakini tuzatmoq, yaxshi xulqlarni o’rgatmoq, yomon xulqlardan saqlab, o’stirmoqdir”, deya bejiz ta’kidlamagan. Bolalarning ma’naviy-axloqiy tarbiyasi esa, eng avvalo, oilada shakllanadi.

Bugun shiddat bilan o’zgarib borayotgan zamon, dunyoning ayrim mintaqalarida, yon-atrofimizda bo’layotgan voqealar, ziddiyat va to’qnashuvlar davlat hamda jamiyat taraqqiyotida ijtimoiy-ma’naviy sog’lom muhit hal qiluvchi ahamiyatga egaligini ko’rsatmoqda. Хususan, aholini, birinchi navbatda, yoshlarni turli yot va buzg’unchi g’oyalardan, axborot hamda mafkuraviy xurujlardan asrash, ularni milliy qadriyatlarimizga sadoqat ruhida kamol toptirish, qalbiga vatanparvarlik tuyg’usini chuqur singdirish dolzarb masalaga aylandi.

Ana shu kabi omillardan kelib chiqib, yoshlar o’rtasida ezgulik va bunyodkorlik g’oyalarini targ’ib etish, farzandlarimizni turli zararli illatlardan asrash, ularni har tomonlama sog’lom va yetuk qilib tarbiyalash, ular o’rtasida samarali ma’naviy-ma’rifiy ishlarni izchil amalga oshirish, an’anaviy oilaviy qadriyatlarimizga tayangan holda voyaga etkazish kabi sa’y-harakatlar “Oila” markazining boshqa mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikdagi ustuvor maqsadlaridan sanaladi.

Shulardan kelib chiqib, Markaz tashabbusi bilan O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2018 yil 4 maydagi “Din yoki e’tiqod erkinligini ta’minlash borasidagi “Yo’l xaritasi” to’g’risidagi Qo’shma Qarori ijrosi doirasida Fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo’yicha respublika kengashi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo’yicha qo’mita, Maktabgacha ta’lim vazirligi, Хalq ta’limi vazirligi bilan hamkorlikda “Bolalar va yoshlarning ma’naviy-axloqiy tarbiyasida oilaning roli” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi. Anjumandan ko’zlangan pirovard maqsad farzand tarbiyasida oilaning mas’uliyatini oshirish, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, sog’lom turmush tarziga amal qilishda bolaning oilada yashash va tarbiya qilish huquqini ta’minlash, barkamol avlodni tarbiyalashda oilaning o’rni va rolini oshirish, oilalarda ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlashga qaratilgan.

Yosh avlodda ma’naviy-axloqiy, odob qadriyatlarini va ota-onaga hamda katta yoshdagi insonlarga hurmatni shakllantirish, oilaning tarbiyaviy va madaniy-ilmiy salohiyatini oshirish borasida xalqaro tajribani keng o’rganish va mamlakatimizda ommalashtirish masalalarida fikr almashish uchun xorijiy davlatlarning yetuk mutaxassislari va ekspertlari ushbu anjumanga taklif etildi.

Хalqaro konferensiyada o’ndan ortiq chet el mamlakatlaridan tashrif buyurgan professor-olimlar, xalqaro tashkilotlar va diplomatik korpus vakillari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari, Prezident administratsiyasi va hukumat xodimlari, oilashunos olimlar, huquqshunoslar, professor-o’qituvchilar, psixologlar, islomshunoslar, davlat va nodavlat hamkor tashkilotlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.

Anjumanda xalqaro va milliy jamoatchilikni bolalar va yoshlarni oilada ma’naviy-axloqiy tarbiyalash bo’yicha ilmiy-amaliy tadqiqotlar natijalari bilan tanishtirish, o’sib borayotgan avlodni ma’naviy va oilaviy qadriyatlar asosida tarbiyalash, bu boradagi eng ilg’or tajribalarni amaliyotga tatbiq etish masalalari muhokama qilindi.

Konferensiyaga “Bolalar va yoshlarni tarbiyalashda ma’naviy meros va milliy qadriyatlarning o’rni”, “Ma’naviy-axloqiy, huquqiy ta’limni shakllantirish bo’yicha zamonaviy tadqiqotlar”, “Dunyo dinlarida tinchlik va osoyishtalik, bag’rikenglik va axloq mavzusi”, “Oilani mustahkamlash sohasidagi tadqiqotlarning ustuvor yo’nalishlari” kabi yo’nalishlarda ilmiy-amaliy izlanishlar olib borayotgan xorijlik hamda mahalliy olim va tadqiqotchilarning yuzdan ortiq maqola va monografiyalari taqdim etildi.

Ularning ichida xorijlik tadqiqotchilar — Yaponiyaning Ashi universiteti faxriy professori Kuniko Хakamada, Markaziy Osiyo tadqiqotlari xalqaro assotsiatsiyasi ijrochi direktori, Koreya xalqaro munosabatlar universiteti professori Kim Peng Il,Ispaniyadagi Madrid avtonom universitetining iqtisodiy tadqiqotlar maktabi direktori Manuel Хuan, Rossiyaning Kursk davlat universiteti “Sotsiologiya va siyosatshunoslik” kafedrasi professori Tatyana Kamenevaning o’ziga xos chiqishlari alohida e’tirof etildi.

Konferensiya ishtirokchilari yalpi majlisdan keyin seksiyalarga bo’linib, “Oila va tarbiya”, “Din va oila”, “Oila va jamoatchilik” kabi yo’nalishlarda ishlarini davom ettirishdi. Anjumanda bir qator mavzularda bahs-munozaralar, fikrlar xilma-xilligiga asoslangan chiqishlarga keng o’rin berildi. Хususan, “O’zbekistonda bolalar va oila farovonligining ijtimoiy asoslari”, “Zamonaviy avlod axloqiy tarbiyasining o’ziga xos jihatlari va yuzaga kelayotgan muammolar”, “Globallashuv jarayonida yoshlarning oila va nikohga oid qarashlari”, “Yaponiyada tarbiya va ta’lim masalalarining o’ziga xos xususiyati” kabi mavzular qizg’in muhokamalarga sabab bo’ldi.

Konferensiya ishida oilalar mustahkamligi hamda yosh avlod ta’lim-tarbiyasida oilaning tutgan o’rni va roli borasida ilg’or xorijiy va xalqaro tajribani o’rganishga alohida e’tibor qaratildi. Chet ellik mutaxassislar o’zlari olib borgan ilmiy-amaliy tadqiqotlar, izlanishlar natijalari bilan o’rtoqlashdilar, o’zaro tajribalar almashildi. Shulardan kelib chiqib, bolalar va yoshlarning ma’naviy-axloqiy tarbiyasida bugungi kunda qanday samarali yutuqlarni amaliyotga tatbiq etish, qanday salbiy oqibatlardan voz kechish bo’yicha bahs-munozaralar yuritilib, fikr-mulohazalar bayon etildi.

Qizg’in bahs-munozaralar, fikr-mulohazalar, savol-javoblar, tortishuv va muhokamalarga boy o’tgan anjuman yakunida bildirilgan taklif va tavsiyalar umumlashtirildi, istiqboldagi vazifalar belgilab olindi. Konferensiyaga taqdim etilgan eng dolzarb maqolalar ilmiy to’plam holida chop etildi.

 

O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi
“Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi Axborot xizmati.

 

Ma’lumot uchun telefonlar: 239-46-27, (97) 782-53-84