26.09.18

Tashkilotchi: O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi 
O’zbekiston Respublikasi, 100017, Toshkent shahar, Sh.Rashidov ko’chasi, 16. Tel: (99871) 239-43-42, Fax 239-41-57 
Web-site: www.oilamarkazi.uz, E-mail: qabulhona@oilamarkazi.uz E-xat: oila23@exat.uz 
Tadbir nomi: “Oilaning ijtimoiy-demografik muammolari” — Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi 
O’tkazish joyi va sanasi: O’zbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi press-klubining zali, 2018 yil, 26 sentyabr, soat 10:00

 

 Ma’lumki, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi mamlakatimizda “Sog’lom oila — sog’lom jamiyat” konseptual g’oyasini hayotga tatbiq etishga yo’naltirilgan yagona davlat siyosatini amalga oshirishga mas’ul etib belgilangan. Bu haqida Prezidentimizning “Хotin-qizlarni qo’llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi 2018 yil 2 fevraldagi Farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to’g’risida”gi 2018 yil 26 martdagi Qarorida qayd etilgan.

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 27 iyundagi 3808-sonli Qarori bilan tasdiqlangan O’zbekiston Respublikasida oila institutini mustahkamlash konsepsiyasida esa oilaning reproduktiv salomatligi va demografik rivojlanishiga doir masalalari, oilaning farovonlik va xotirjamlik darajasini kompleks tadqiq etish hamda muammolarni omilli asosda tahlil qilishga alohida urg’u berilgan. Ayniqsa, oilaning birdamligini mustahkamlashga, oilada avlodlar o’rtasidagi o’zaro aloqani saqlash va qo’llab-quvvatlashga qaratilgan oilaviy an’analarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilgan. Oilalarning ijtimoiy-iqtisodiy holatini ifodalovchi hamda ularning hayoti va faoliyatining asosiy tendensiyalarini aks ettiruvchi statistika ko’rsatkichlari tizimini takomillashtirish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.

“Oila” markazining “Oilani demografik rivojlantirish” bo’limi tomonidan oilalarning barqarorligi va rivojlanishiga ta’sir etadigan muammolarni aniqlash maqsadida viloyatlar kesimida demografik tahlil, shu jumaladan oilalarning rivojlanishi, nikohlar va ajralishlar dinamikasida yuz berayotgan o’zgarishlar yuzasidan tahlil olib borildi. Hududlarning ijtimoiy-demografik rivojlanish darajasini aniqlashga qaratilgan metodik yondoshuvlar belgilandi hamda har bir viloyat bo’yicha rivojlanish indeksini aniqlashga imkon beradigan ko’rsatkichlar nomenklaturasi shakllantirildi. Respublika hududlarida demografik va oilalar mustahkamligini belgilovchi indikatorlarni statistik tahlil qilgan holda turli muammolarning hududlar uchun dolzarblik matritsasi ishlab chiqildi. O’zbekistonda ayollar bandligi ko’rsatkichlari hududlar va iqtisodiyot tarmoqlari kesimida tahlil qilish bo’yicha ko’rsatkichlar aniqlandi va ular asosida tegishli tahlil bajarildi. Respublikada ayollar bandligini ta’minlashga qaratilgan davlat dasturlari maqsad va vazifalari, maqsadli guruhlari, miqyosi, maqsadli parametrlari, amalga oshirish mexanizmlari va sh.k. bo’yicha to’liq tahlil qilib chiqildi. Shuningdek, ayollarning bandligini oshirishga to’sqinliq qilayotgan iqtisodiy, ijtimoiy omillar tahlil qilindi va ularni bartaraf etish bo’yicha takliflar ishlab chiqildi.

“Oila” markazi joriy yilning 26 sentyabr kuni “Oilaning ijtimoiy-demografik muammolari” mavzuida Respublika ilmiy-amaliy anjumanini o’tkazdi. Konferensiya “O’zbekistonda oilani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yo’nalishlarini tadqiq etish” loyihasi doirasida tashkil etildi. Tadbirda davlat va nodavlat, hamkor tashkilotlar vakillari, oilashunos olimlar, huquqshunoslar, professor-o’qituvchilar, psixologlar, islomshunoslar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishdi.

Ushbu ilmiy-amaliy anjuman O’zbekistonda oila va oilaviy  qadriyatlarning ijtimoiy-iqtisodiy, psixologik, ma’naviy va huquqiy rivojlanishiga demografik omillarini ilmiy-amaliy o’rganish va aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqishni o’z oldiga maqsad qilib qo’ygan. Konferensiyaga oila masalalari xususida ilmiy-amaliy izlanishlar olib borayotgan olimlar, tadqiqotchilarning 70 dan ortiq maqola va monografiyalari taqdim etildi.

Konferensiya ishtirokchilari yalpi majlisdan keyin seksiyalarga bo’lingan holda ishlarini davom ettirishdi. Ularda “Oila rivojlanishi va oilaviy munosabatlarga ta’sir ko’rsatuvchi demografik omillar”, “Zamonaviy jamiyatda oila farovonligiga erishish masalalari”, “Oila mustahkamligi va avlodlararo munosabatlarning ijtimoiy va psixologik jihatlari”, “Farovon jamiyatda ota-onalik va oila qadriyatining o’rni muammosi”, “Demografiya va oila siyosatining me’riy-huquqiy ta’minlanishi masalalari” kabi yo’nalishdagi mavzular qizg’in muhokama qilindi.

Anjumanda bir qator mavzularda bahs-munozaralar, fikrlar xilma-xilligiga asoslangan chiqishlarga keng o’rin berildi. Хususan, “Ota-onalar pedagogik madaniyatini oshirishning dolzarb masalalari”, “O’zbekistonda oilaning demografik rivojlanishi: bugungi holati va istiqbollari”, “Oila mustahkamligi va demografik masalalarning o’zaro bog’liqligi”, “Oila shakllanishining demografik xususiyati” kabi qator dolzarb mavzulardagi taqdimotlar o’tkazildi.

So’zga chiqqanlar tomonidan tajriba almashishni yo’lga qo’yish borasida taklif-tavsiyalar bayon etildi. Shuningdek, oilaviy munosabatlarga doir fikr-mulohazalar o’rtaga tashlandi.

Qizg’in bahs-munozaralar, fikr-mulohazalar, savol-javoblar, tortishuv va muhokamalarga boy o’tgan ilmiy-amaliy anjuman yuzasidan bildirilgan taklif va tavsiyalar umumlashtirildi, istiqboldagi rejalar belgilab olindi. Konferensiyaga taqdim etilgan eng dolzarb maqolalar kengash tavsiyasiga binoan ilmiy to’plam holida chop etildi.

“Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi Axborot xizmati.

Ma’lumot uchun telefonlar: 239-43-42