17.10.2018

O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 19 iyuldagi “Fuqarolar yig’ini huzuridagi “Ota-onalar universiteti” jamoatchilik tuzilmasi faoliyatini yanada takomillashtirish to’g’risida”gi qarorini ijrosini ta’minlash yuzasidan metodik tavsiyalarni ishlab chiqdi.

Ushbu metodik tavsiyalarni mahallalarda mutasaddi xodimlar o’rtasida targ’ibot qilish maqsadida Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar xotin-qizlar qo’mitasi bosh mutaxassislari hamda “Oila” markazi hududiy boshqarmalar qoshidagi maxsus o’quv-kursi rahbarlari uchun joriy yilning 17-18 oktyabr kunlari “Ota-onalar universiteti — ota-onalarga asosiy ko’makchi” mavzusida seminar-trening tashkil etdi. Ushbu treningdan ko’zlangan maqsad «Ota-onalar universiteti» jamoatchilik tuzilmasi faoliyat samaradorligini oshirish, tuzilma a’zolarini oilalar va mahallalarda ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada sog’lomlashtirish, oilalarni mustahkamlash va barqarorligini ta’minlash, oilalarning farzand tarbiyasidagi huquqiy, ma’naviy-axloqiy, pedagogik, psixologik va tibbiy bilimlarini oshirishdan iborat bo’ldi.

Seminar-trening o’z oldiga ota-onalarning farzand tarbiyasidagi huquqiy, ma’naviy-axloqiy, pedagogik, psixologik va tibbiy bilimlarini oshirish, farzand tarbiyasi jarayonida ota-onalarga yordam berish, farzand tarbiyasiga etarli e’tibor bermayotgan ota-onalar bilan ishlash, fuqarolar yig’inidagi oilalarda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligiga salbiy ta’sir ko’rsatuvchi holatlarning oldini olishda mutaxassislarga ko’nikmalar berish vazifalarini qo’ydi. Mashg’ulotlarda “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazining hududiy boshqarmalari maxsus o’quv kurslari rahbarlariga joylarda o’quv jarayonlarini qay tarzda tashkil etish, qanday qilib amaliy natija va samaradorlikka erishish, hamkor tashkilotlar bilan ishlashning interaktiv usullari, muammoni echishning turli yo’llari, innovatsion g’oya va tashabbuslarning ahamiyati kabi masalalarda yo’l-yo’riqlar ko’rsatilib, tajribalar o’rtoqlashildi.

Seminar-treningda “Ota – onalar universiteti” ning boshqaruv asoslari”, “Ota-onalar, yoshlar va oilaning boshqa a’zolari shaxslararo munosabatlarida yuzaga kelayotgan muammolar tahlili”, “Voyaga etmaganlar o’rtasida xuquqbuzarliklar profilaktikasi”, “Hududlarda olib boriladigan ota-onalar universiteti o’quv kurslarini amalga oshirish mexanizmini ishlab chiqish” kabi mavzularda ma’ruzalar va fikr almashuvlar bo’ldi. “Ota-onalar universiteti — ota-onalarga asosiy ko’makchi” mavzusidagi mazkur seminar-trening o’zining oldiga qo’ygan vazifa va maqsadlaridan kelib chiqib, yil davomida Qoraqalpog’iston respublikasi va viloyatlarning barcha shahar, tumanlarida hamda har bir mahallada o’tkazilishi uchun mutaxassislarga kerakli bilim va ko’nikmalar berildi.

O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi 
“Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi Axborot xizmati.